Zarba to’lqini
Jism muhitda tovushdan ham tez harakatlanganda zarba to’lqini deb ataladigan to’lqin vujudga keladi. U masalan, tovushdan ham tez uchadigan samolyotlarning uchishida, portlashlarda, qudratli elektr razryadlarida vujudga keladi. Uning vujudga kelishini va mohiyatini samolyot misolida tahlil qilish mumkin. Uchayotgan samolyot ro’paradan kelayotgan havo oqimini tormozlab, unga bosim impulsi beradi. Har qanday mexanik g’alayonlanish kabi, bu impuls ham tovush tezligida tarqaladi. Shu sababli, agar samolyot tezligi tovushnikidan kichik bo’lsa, havoning tormozlanish va zichlanish protsessi vaqt bo’yicha cho’zilgan bo’ladi. Bosim impulsi, go’yo uchayotgan jismning yaqinlashayotganidan darak bergandek, samolyotni quvib o’tadi va havoning tormozlanishi, zichlanishi asta-sekin yuz beradi. Samolyot tovush tezligidan katta tezlikda uchayotganda na bosim impulsi, na ishlayotgan dvigateldan va kesilayotgan havodan chiquvchi to’lqinlar, ma’lumki, samolyotdan o’za olmaydi. Bu holda ro’paradan keluvchi havoning tormozlanishi bir onda, go’yo devorga urilgan zarbadek yuz beradi. Havo zichligi keskin, sakrash bilan o’sadi. Natijada zarba to’lqini-tovush tezligidan katta tezlik bilan tarqaluvchi juda yupqa (qalinligi havo molekulalarining erkin yugurushiga teng) o’tish sohasi yuzaga kelib, unda zichlik, bosim va modda tezligi bir onda o’sadi. Tovush tezligidan katta tezliklar uchun mo’ljallangan aerodinamik trubalarda olingan maxsus fotografiyalardagi zarba to’lqinlari suv sirtida kema tumshug’idan tarqalayotgan to’lqinlarning eslatadi.
Izohlar 1