Qaynash

Qaynash - suyuqlikning bug’ga o’tish protsessi, bug’lanishdan farqli ravishda qaynashda bug’ hosil bo’lishi faqat suyuqlik sirtida emas, balki butun suyuqlik massasi bo’ylab yuz beradi. Agar suyuqlikning to’yingan bug’lari bosimi tashqi bosimga tenglashsa, qaynashga imkon tug’iladi. Shuning uchun ayni suyuqlik muayyan bosim ostida ma’lum temperaturadagina qaynaydi. Odatda, qaynash temperaturasi atmosfera bosimi uchun keltiriladi. Masalan, atmosfera bosimida suv 373 K yoki 100°C da qaynaydi. Qaynash temperaturasi – suyuqlikning o’ziga xos alomati.

Potensial energiya

Qadim zamonlardayoq mexanikaning quyidagi oltin qoidasi kashf qilingan edi: kuchdan yutsang, masofadan yutqazasan. Haqiqatan, masalan, yuk qiya tekislik bo’yicha ko’tarilsa, og’irlik kuchlariga qarshi ish bajarishga to’g’ri keladi (ishqalanish kuchlariga qarshi bajariladigan ishni e’tiborga olmaslik mumkin, deb hisoblaymiz). Agar qiya tekislik yotiqroq bo’lsa, u holda yo’l uzun, lekin yukka kichikroq kuch qo’yish mumkin. Tikroq tekislik bo’yicha yukni ko’tarish og’irroq, lekin shuning evaziga yo’l qisqaroq bo’ladi. t massali yukni h balandlikka ko’tarish uchun bajariladigan ish hamma vaqt bir xil bo’lib, mgh ga teng.

Optika

Qachonlardir optika deganda ko’rish haqidagi fanni tushunganlar, «Optika» so’zining aniq ma’nosi ham shunday. O’rta asrlarda optika asta-sekin ko’rish haqidagi fandan yorug’lik haqidagi fanga aylandi, linzalar va kamera-obskuraning ixtiro qilinishi bunga imkon berdi. Hozir optika yorug’likning chiqarilishi, turli muhitlarda yorug’likning tarqalishi, uning modda bilan o’zaro ta’siri o’rganiladigan fizika bo’limi. Ko’rish bilan, ko’zning tuzilishi va ishlashi bilan bog’liq bo’lgan masalalar fiziologik optika deb ataladigan maxsus bo’lim bo’lib ajralib chiqdi.

Elektrodinamika

Elektrodinamika – fizikaning elektr zaryadlarining o’zaro ta’sirini o’rganuvchi bo’limi. U qo’zg’almas zaryadlar o’zaro ta’sirining xususiy va eng sodda holi sifatida elektrostatikani o’z ichiga oladi. Harakatlanuvchi zaryadlar orasidagi o’zaro ta’sirni elektrodinamikada elektr va magnit maydon iboralaridan foydalanish tufayligina tavsiflash mumkin. Shuni ham e’tiborga olish kerakki, ko’pincha, bir maydonni ikkinchisidan ajratish mumkin emas va shuning uchun elektromagnit maydon to’g’risida gapiriladi.

Geometrik optika

Geometrik optika qonunlari manbadan chiqayotgan yorug’likning to’lqin uzunligi atrofidagi predmetlarning o’zlariga xos o’lchamlaridan ko’plab marta kichik bo’lganida o’rinli bo’ladi. Bu holda yorug’lik nuri degan taxminiy tushunchani ishlatish mumkin. Nurni, masalan, 1-rasmda ko’rsatilganidek, diafragmalar yordamida hosil qilinadi. Deyarli yoyilmasdan tarqaluvchi yorug’lik nuriga misol qilib lazer nurini ko’rsatish mumkin.

yosh-fizik. uz