Bug'lanish
Bug’lanish—moddaning suyuq holatdan gazsimon (bug’simon) holatga o’tishi. U suyuqlikni gazdan ajratib turadigan ochiq, bo’sh sirtda, masalan, ochiq idish, suv havzasi sirti va h. k. sirtlarda yuz beradi. Bug’lanish har qanday temperaturada ham yuz beraveradi, lekin temperatura oshgan sari hamma suyuqliklarda ham u jadallashadi. Ayni modda massasi egallagan hajm bug’lanishda keskin kattalashadi.
Ikki asosiy holni farqlash kerak. Birinchisi—bug’lanish berk idishda yuz beradigan va idishning hamma nuqtalarida temperatura bir xil bo’ladigan hol. Masalan, bug’ qozonni yoki qopqog’i berk choynak ichida (arap suv yoki bug’ temperaturasi qaynash temperaturasidan past bo’lsa) suv shunday bug’lanadi. Bu holda hosil bo’layotgan bug’ hajmi idish bo’shlig’i bilan cheklangan bo’ladi. Bug’ bosimi shunday chegaraviy qiymatiga erishadiki, bunda u suyuqlik bilan issiqlik muvozanatida turadi: bunday bug’ to’yingan bug’, uning bosimi esa bug’ning elastikligi deb ataladi. Ikkinchi hol—suyuqlik ustidagi bo’shliq ochiq bo’lgan hol: masalan, ko’l suvi shunday bug’lanadi. Bu holda suv bilan bug’ hech qachon muvozanatlashmaydi, bug’ to’yinmaydi, bug’lanish tezligi esa ko’p omillarga bog’liq bo’ladi. Suyuqlikning bo’sh sirt birligidan vaqt birligi ichida bug’lanadigan modda miqdori bug’lanish tezligi o’lchovi hisoblanadi. Ingliz fizigi va ximigi D. Dalton XIX asr boshida quyidagilarni aniqladi: bug’lanish tezligi bug’lanayotgan suyuqlik temperaturasidagi to’yingan bug’ bosimi bilan suyuqlik ustidagi mavjud real bug’ning haqiqiy bosimi orasidagi farqqa proportsional ekan. Agar suyuqlik va bug’ muvozanatda bo’lsa, bug’lanish tezligi nolga teng. Aniqrog’i, bug’lanish yuz beradi, lekin xuddi shu tezlikda bug’lanishga teskari jarayon—kondensatsiya (moddaning gazsimon yoki bug’simon holatdan suyuq holatga o’tishi) ham yuz beradi. Bug’lanish tezligi u tinch atmosfera yoki harakatdagi atmosferada o’tayotganligiga ham bog’liq: hosil bo’layotgan bug’ni havo oqimi surib ketsa yoki nasos bilan haydalsa, bug’lanish tezligi ortadi.
Agar bug’lanish suyuq eritmada yuz berayotgan bo’lsa, tarkibidagi turli moddalar har xil tezlikda bug’lanadi. Yot gazlar, masalan, havo bosimi oshganda moddalarning bug’lanish tezligi pasayadi. Shuning uchun bo’shliqdagi bug’lanishning tezligi eng yuqori bo’ladi. Aksincha, idishga yot inert gaz qo’shib, bug’lanishni juda sekinlatish mumkin.
Bug’lanishda suyuqlikdan uchib chiqayotgan molekulalar qo’shni molekulalarning tortish kuchini yengishi va ularni sirtda tutib turuvchi virt taranglik kuchlariga qarshi ish bajarishi lozim. Shu tufayli bug’lanish yuz berishi uchun bug’lanayotgan moddaga issiqlik berish kerak, bu issiqlik shu moddaning o’z ichki energiyasi zapasidan yoki atrofdagi jismlardan olinadi. Ayni temperatura va turg’un bosimdagi suyuqlikni xuddi shu temperatura va bosimda bug’ga aylantirish uchun unga berish kerak bo’lgan issiqlik miqdori bug’lanish issiqligi deb ataladi. Bug’lanish issiqligi qancha katta bo’lsa, temperatura oshgan sari bug’ning elastikligi shuncha kuchliroq oshadi.
Agar bug’lanayotgan suyuqlikka tashqaridan issiqlik berilmasa yoki kam berilsa, u holda suyuqlik sovib qoladi. Ho’l qo’limizni havoga tutib turganimizda sovuq qotishi shundan. Issiqlik o’tkazmaydigan idishga solingan suyuqlikni jadal bug’lanishga majbur qilib, uning ancha sovishiga erishish mumkin. Kinetik nazariyaga ko’ra, eng tez molekulalar bug’lanadi, suyuqlikda qolgan molekulalarning o’rtacha energiyasi kamayadi—suyuqlikning sovishiga sabab shu.
Sublimatsiya yoki quruq haydash, ya’ni qattiq moddaning gazsimon moddaga o’tishi ham ba’zan bug’lanish deb ataladi. Haqiqatda ham ularning barcha qonuniyatlari o’xshash. Sublimatsiya issiqligi bug’lanish issiqligidan taxminan erish issiqligicha katta.
Erish temperaturasidan past temperaturalarda ko’pchilik qattiq jismlarning to’yingan bug’lari bosimi juda kichik bo’lib, ular amalda bug’lanmaydi. Biroq bundan istisno hollar ham uchraydi. Masalan, 0˚ C da suvning to’yingan bug’lari bosimi 4,58 mm sim. ust.,— 10 C da muzniki—4,22 mm sim. ust., hatto— 10˚ C da ham 1.98 mm sim. ust..ga teng.