Harakat

Keng ma’noda harakat, F. Engels so’zlari bilan aytganda, «koinotda bo’ladigan barcha o’zgarish va protsesslarni, oddiy siljishdan tortib to tafakkurgacha» o’z ichiga qamrab oladi. Bunday tushunishda harakat materiyaning yashash usulidir. Bizni o’rab olgan olam harakatdagi materiyadir. Materiya va harakat bir-biridan ajralmasdir, ha­rakatsiz materiya bo’lmaganidek, materiyasiz harakat ham bo’lmaydi.

Garmonik ossillyator

Har bir kishi u yoki bu tebranishlarni-soat mayatniklari, arg’imchoq va boshqalarning harakatini kuzatgan, albatta.

Bunday kuzatish jarayonida bu tebranishlarning hammasi o’z davrining doimiyligidek ajoyib xossaga egaligini sezish mumkin.

Tebranishlarning juda keng sinfi uchun umumiy bo’lgan bu xossani birinchi bo’lib G. Galiley 1593 yilda aniqladi. Izoxronlik yoki boshqacha aytganda, mayatnik tebranishlar davrining doimiyligi qonuni keyinchalik XVII asr niderland olimi X. Gyuygensga soatlarda mayatnik qo’llashga imkon berdi.

Har qanday sistemada tebranishlar vujudga kelishning zarur sharti-qaytaruvchi kuchning borligidir, bu kuch sistemani u tashqi ta’siri natijasida muvozanat holatidan chiqarilgandan keyin, muvozanat holatiga qaytarishga doim intiladi.

Fazaviy o'zgarishlar

Sistema holatining o’zgarishida moddaning bir fazadan boshqasiga o’tishi fazaviy o’zgarishlar deyiladi. Faza muayyan ximiyaviy tarkibga va termodinamik xossalarga ega bo’lgan, boshqa fazalardan bo’linish sirti bilan ajralgan moddiy ob’ektlar majmuasi. Yoki boshqacha aytganda, faza – bir jinsli bo’lmagan sistemaning bir jinsli qismi bo’lib, u sistemadan biror-bir mexanik usul bilan ajratilishi mumkin. Odatda, bitta gaz faza mavjuddir (gaz aralashmalarining juda yuqori bosimlarda kamdan-kam uchraydigan qatlamlanish hollarini istisno qilganda). Suyuq va ayniqsa, qattiq fazalar g’oyat ko’p bo’lishi mumkin.

Elektr kuchlanish

Biz turmushimizda bu so’zga o’rganib qolganmiz. Hamma biladiki, xona rozetkasida kuchlanish 220 V. Balki 311 V dir? Bu savolga javob berish uchun tushunchani ta’riflaylik: elektr zanjirning ikkita nuqtasi orasidagi kuchlanish deb, shu nuqtalar orasida birlik musbat zaryadni ko’chirishga sarflangan ishga aytiladi. SI sistemasida kuchlanish birligi uchun volt (1V) qabul qilingan. Bu birlik XVIII asr oxiri – XIX asr boshlarida elektr hodisalarni o’rgangan italyan olimi A. Volt sharafiga qo’yilgan. Zanjirdagi tok kattaligi (Elektrodinamika) va ikkita elektrod orasidagi yo’lni o’tgan zarraning energiyasi kuchlanish kattaligiga bog’liq bo’ladi.

yosh-fizik. uz